109. Tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashayotgan transport vositasining haydovchisi qatnov qismining shu yo‘nalishini kesib o‘tayotgan piyoda(lar)ni o‘tkazib yuborish uchun tezligini kamaytirishi yoki to‘xtashi shart.
110. Agar tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyi oldida transport vositasi harakatini sekinlashtirsa yoki to‘xtasa, qo‘shni tasmalarda harakatlanayotgan boshqa haydovchilar bu transport vositasi oldida piyoda(lar) yo‘qligiga ishonch hosil qilganlaridan so‘nggina harakatlanishni davom ettirishlari mumkin.
111. Tartibga solingan piyodalar o‘tish joylarida haydovchilar svetoforning ruxsat etuvchi ishorasi yongan taqdirda ham piyoda(lar)ga qatnov qismini shu yo‘nalishda kesib o‘tishni tugallashiga imkon berishlari kerak.
112. Piyodalar o‘tish joylaridan keyin paydo bo‘lgan tirbandlik tufayli haydovchi piyodalar o‘tish joyida to‘xtashga majbur bo‘ladigan bo‘lsa, piyodalar o‘tish joyiga kirish taqiqlanadi.
113. Barcha hollarda, shu jumladan, piyodalar o‘tish joylaridan tashqarida ham haydovchi oq hassa bilan ishora berayotgan ko‘zi ojiz piyoda(lar)ni o‘tkazib yuborishi kerak.
114. Agar yo‘lovchilarni tushirish yoki chiqarish qatnov qismida yoki unda joylashgan maydonchada amalga oshirilayotgan bo‘lsa, haydovchi bekatda to‘xtagan yo‘nalishli transport vositasi eshiklari tomon borayotgan yoki undan kelayotgan piyoda(lar)ga yo‘l berishi kerak.
115. “Bolalar guruhini tashish” taniqlik belgisi o‘rnatilgan, avariya ishorasi yoqilgan transport vositasi to‘xtaganda, unga yaqinlashayotgan haydovchi harakat tezligini kamaytirishi, zarur bo‘lsa, to‘xtashi va bolalarni o‘tkazib yuborishi shart.
17.1-bob. YO‘NALISHLI TRANSPORT VOSITALARI UCHUN ALOHIDA AJRATILGAN TASMASI BOR YO‘L ORQALI HARAKATLANISH
115.1. Yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan yo‘nalishli jamoat transporti vositalari harakatlanishi mumkin va boshqa transport vositalari ushbu yo‘lakda harakatlanishi taqiqlanadi, bundan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari mustasno.
115.2. Yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘lda harakatlanishi taqiqlangan transport vositalari ushbu yo‘ldan faqat yondosh hududga kirish yoki chiqish maqsadida yondosh hududning kirish yoki chiqish joyidan 50 metr masofada uzuq-uzuq chiziqli joygacha yoxud yaqin masofadagi uzuq-uzuq chiziqli joygacha harakatlanishi mumkin.
Bunda transport vositasi mazkur yo‘lakda harakatlanib kelayotgan yo‘nalishli transport vositasi harakatiga to‘sqinlik qilmasligi va unga yo‘l bergandan so‘ng yondosh hududga kirish yoki chiqish harakatini amalga oshirishiga ruxsat etiladi.